Loyihaning maqsadi quyidagilardan iborat:

Mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda, chet ellarda saqlanayotgan, mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid turkiy qoʼlyozmalarni aniqlash, ularning toʼliq maʼlumotlar bazasi — raqamli qomusini yaratish, uni muntazam yangilab borish, chet el fondlaridagi turkiy qoʼlyozmalarning faksimile nusxalarini, foto va videotasvirlarini yurtimizga olib kelish, tegishli ilmiy markazlar, xususan, Аbu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti bilan birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib borib, erishilgan natijalarni ilmiy muomalaga kiritish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish;

Turkiy qoʼlyozmalarning maʼlumotlar bazasini tiklash jarayonida adabiy manbashunoslik va matnshunoslik faoliyatining boshqa filologik sohalar bilan bogʼliq metodologik asosini aniqlash, adabiy manbalarga editsion tizimda yondashuv qonuniyatlarini oʼrganib, fond bilan ishlashning metod va usullarini taqdim etish, bu sohadagi bilim va tajribalarni takomillashtirishga bogʼliq umumlashmalar turkumini yaratishdan iborat.

Belgilangan maqsadlar quyidagi vazifalarni bajarishni taqozo etadi:

a) adabiyotshunoslik, tilshunoslik sohalarida manbashunoslik va matnshunoslikning oʼrni va tadqiq obʼektlaridagi tutash nuqtalarni aniqlash; matn tarixi va matn tanqidi tushunchasi; ilmiy-tanqidiy matn tuzishning tasnifiy-qiyosiy mezonlari kabilar haqida nazariy bilim berish;

b) mamlakatimiz qoʼlyozma kitoblar fondlaridagi adabiy manbalar toʼla katalogining shartli roʼyxatini shakllantirish;

d) shakllantirilgan katalog asosida Yevropa qadimiy kitoblar fondlaridagi adabiy manbalarni qiyosiy oʼrganish;

e) Yevropa fondlaridagi adabiy manbalarni tizimli asosda xronologik, tematik tasnif qilish, qoʼlyozma nusxalarining tashqi va ichki xususiyatlaridan kelib chiqib, ularning toʼliq tavsifini tayyorlash;

f) loyiha doirasida amalga oshirilgan tadqiqotning tezislar toʼplamini oʼzbek, rus, ingliz tillarida, shuningdek, ularga ilova boʼlgan koʼrgazmali audio va videomateriallarni taqdim etish;

g) “Yevroturcologica.uz” elektron platformasining turkiy qoʼlyozma adabiy manbalar toʼla katalogi va qomusiy lugʼatini oʼz ichiga olgan mulьtimedia dasturiy mahsulotlarini yaratish.